Kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun raqamli davlat xizmatlari bo‘yicha mintaqaviy davra suhbati

img

Joriy yilning 26–27-avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun raqamli davlat xizmatlari bo‘yicha mintaqaviy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda yuqori darajadagi siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda innovatsion ekotizim mutaxassislari ishtirok etdilar. Davra suhbati BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) hamkorligida Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy axborot vositalari vazirligi ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda Innovvatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori Farxod Djumaev “Kichik va o‘rta biznes uchun raqamli davlat xizmatlarining salohiyatini ochib berish: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro hamkorlik” mavzusida taqdimot qildi. 

Taqdimot davomida STARTUP.ILMIY.UZ va LOYIHA.ILMIY.UZ kabi yangi platformalar orqali ilmiy-texnologik startaplarni ro‘yxatdan o‘tkazish, raqamli baholash, moliyalashtirish va monitoring qilish imkoniyatlari ko'rsatib berildi. 

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, raqamli davlat xizmatlari bo‘yicha ekspertlar guruhini shakllantirish va xalqaro tajriba almashuvini kuchaytirishga kelishib oldilar.