Plug and Play kompaniyasi vakillari bilan hamkorlik uchrashuvi tashkil etildi

img

Bugun, 25-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Plug and Play kompaniyasi vakillari bilan navbatdagi muhim hamkorlik uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvga Plug and Play kompaniyasining Innovatsiyalar bo’yicha direktori Alfredo Gomez Soria va O’zbekistondagi ofisi direktori Muhammad Mahmudov tashrif buyurishdi.  

Uchrashuv davomida tomonlar innovatsion faoliyat va oliy ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashishdi. Jumladan, Plug and Play kompaniyasining tajribasi asosida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida inkubatsiya dasturlarini tashkil qilish va bu tajriba asosida 41 ta inkubatsiya markazlarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish rejalashtirildi. 

Shuningdek, hamkorlik doirasida Yoshlar texnoparklarida muvaffaqiyatli startaplar uchun DEMO DAY tadbirlarini o‘tkazish taklif qilindi. Plug and Play kompaniyasi o‘z investorlar tarmog‘i orqali bu jarayonda faol ishtirok etishi ko’zda tutildi.

Shuningdek, Yoshlar texnoparklari xodimlari uchun inkubatsiya va akseleratsiya yo‘nalishlarida amaliy tajriba orttirish maqsadida Plug and Play kompaniyasining xorijiy ofislarida malaka oshirish dasturlarini tashkil qilish rejalashtirildi. 

Uchrashuv so’ngida tomonlar istiqbolli rejalarni belgilab oldilar va O‘zbekistonda innovatsion ekotizimni rivojlantirish yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.