O‘zbekistonda markaziy texnologiyalar transferi ofisini (TTO) tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi
Unda O‘zbekiston tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev, Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktori Farhod Jumayev va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni kengaytirish, jumladan intellektual mulk va ilmiy ishlarni himoyalash, AQSh Savdo vazirligining Savdo huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) dasturi asosida O‘zbekistonda markaziy texnologiyalar transferi ofisini (TTO) tashkil etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqotda O‘zbekistonda ilm-fan va innovatsiya salohiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etilib, so‘nggi 7 yilda ilmiy darajali pedagoglar ulushi respublika bo‘yicha 32,7 foizdan 45 foizga o‘sgani, mazkur sohaga davlat byudjetidan ajratiladigan yillik mablag‘lar hajmi 3 barobarga hamda loyihalarni moliyalashtirish hajmi 3,5 barobarga oshirilgani alohida qayd etildi.
Shu o‘rinda, AQSh hukumati tomonidan mamlakatimizda CLDP dasturiga asosan patentlash, bozor tadqiqotlari va marketing bo‘yicha seminar va treninglar olib borilayotgani olimlarimiz va tadqiqotchilarimizga o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan integratsiyalashuvga zamin yaratganini ta’kidlashdi.
Uchrashuv yakunida yurtimizda CLDP dasturi tomonidan markaziy texnologiyalar transferi ofisini (TTO) tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tuzish va ushbu loyihani amalga oshirish mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.