Toshkent shahrida birinchi “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yakunlandi

Toshkent shahrida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yoshlar, muhandislar va ixtisoslashgan mutaxassislar uchun haqiqiy tantanaga aylandi. Festival doirasida yoshlar tomonidan yaratilgan zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar va muhandislik ishlanmalari namoyish etildi.
Festivalda umumiy hisobda 5000 nafardan ziyod yoshlar, 10 dan ziyod xorijlik ekspertlar, 25 tadan ortiq oliy taʼlim muassasalari hamda turli sohalar vakillari qatnashdi. Dastur doirasida 11 turdagi musobaqalar, 10 ga yaqin mavzuda seminar-treninglar va hakatonlar tashkil etildi.
Festivalning yopilish marosimida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori Adham Xudoyqulov, Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Yoshlar ishlari agentligi direktor oʻrinbosari Feruz Ablayarov, Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati boshqaruv raisi maslahatchisi Shavkat Nabiyev yosh muhandislarni muborakbod etib, talovlar gʻoliblariga mukofotlar, esdalik sovgʻalarini topshirdilar.