WIPO – Butunjahon intellektual mulk agentligi departament direktori bilan uchrashuv tashkil etildi

img

Joriy yilning 30-may kuni Shveysariyaning Jeneva shahriga safari doirasida Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori o’rinbosari Bunyod Raxmatullayev WIPO – Butunjahon intellektual mulk agentligining Biznesda intellektual mulk departamenti direktori Guy Pessach bilan uchrashdi. 

 

Uchrashuv davomida hamkorlikning turli yo’nalishlari, xususan, O’zbekiston Milliy universitetida IP diagnostics tool loyihasini joriy qilish hamda tijoratlashtirish bo’yicha qo’llanmani o’zbek tilida chop etish masalasi ko’rib chiqildi. IP diagnostics tool tarmoq korxonalari, kichik va o’rta biznes faoliyatida intellektual mulkni va innovatsion g’oyalarni keng jalb qilish va qo’llashda amaliy yordam beradigan vosita hisoblanadi. 

 

Bundan tashqari uchrashuv davomida WIPOning muvaffaqiyatli loyihalaridan biri bo’lgan IP Management Clinic dasturiga O’zbekistonni a’zo qilish masalasi ham ko’rib chiqildi. Bu dastur doirasida mamlakatimizdagi 15 ta kichik va o’rta bizneslar tanlab olinib, WIPO maxsus ekspertlari boshchiligida intellektual mulk strategiyasini ishlab chiqish va korxonalar faoliyatiga yangi innovatsion yechimlarni joriy qilishda ko’mak ko’rsatiladi. 

 

Uchrashuv so’ngida WIPOning SME Intermediary Project loyihasi doirasida Innovatsiyalar Milliy ofisi mutaxassislarining intellektual mulk sohasidagi tajribasini oshirish o’quv dasturlarini tashkillashtirish borasida ham dastlabki kelishuvga erishildi.