“Nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari” mavzusidagi seminar-trening tashkillashtirildi

img

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir.

 

2020 — 2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.

 

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida“gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

Ushbu Qaror ijrosini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” Milliy tanlovi asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi. Seminar-trening joriy yilning 1 iyun kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilib, unda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tegishli yo‘nalishlarda ta’lim oluvchi talabalari qatnashishdi.

 

Seminar davomida xalqaro va mahalliy ekspertlar, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi X.Xolmamatov va Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi bosh mutaxassisi D.Rashidovalar ishtirok etib, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar va davlat siyosati, fuqarolarning inson huquqlariga nisbatan hurmatini oshirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar hamda bu sohalarda malakali kadrlarni tayyorlash kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi.

Seminar interaktiv tarzda olib borilib, yoshlar o’zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi. Faol qatnashgan talabalar esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.