INNOWEEK-2023 da Germaniya tomonining ishtiroki yuzasidan onlayn yig’ilish o’tkazildi

Bugun, 17-avgust kuni innovatsion g’oyalar haftaligi – INNOWEEK-2023 da Germaniya tomonining ishtiroki yuzasidan Zoom platformasi orqali onlayn yig’ilish o’tkazildi.
Yig’ilishda Germaniyaning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o’rinbosari Shahlo Turdikulova, Innovatsiyalar Milliy ofisi va O’zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi vakillari qatnashishdi.
Uchrashuvda innovatsion g’oyalar haftaligi – INNOWEEK-2023 dasturi va unda Germaniya pavilyonini tashkil etish, xususan innovatsion va startap korxonalar, jamg'armalar va biznes doira vakillarining ishtirokini kengaytirish va b2b muzokaralarni tashkillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, joriy yilda o’tkaziladigan INNOWEEK-2023 dasturining bir qismini Creative Education (kreativ ta’lim tizimi) ga bag’ishlash rejalashtirilgan bo’lib, unda Germaniyaning yetakchi oliy o’quv yurtlari vakillarining ham ishtiroki kutilmoqda. Ular ishtirokida O'zbekiston ta'lim tizimiga Germaniya tajribasidan kelib chiqib, yangi kreativ g'oyalarni tatbiq qilishga qaratilgan seminarlar tashkil etilishi ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, O'zbekiston-Germaniya ilmiy konferensiyasini o'tkazish masalalari ham muhokama qilinib, tadbirga innovatsiyalar, yashil iqtisodiyot, texnologiyalar transferi sohalarida yetakchi olimlarni jalb qilishga kelishib olindi.
Uchrashuv so'ngida tomonlar innovatsion rivojlanish sohasida ikki davlat uchun muhim bo'lgan istiqbolli yo'nalishlarda davomiy izlanishlar olib borish va INNOWEEK doirasida Germaniya ishtirokini yanada kengaytirish ustida ish olib borishga kelishib olishdi.